BMT: Dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas olmoqda

Atmosfera havosining ifloslanishi dunyoda yiliga 6,7 ming kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas olmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanishi dunyoda yiliga 6,7 ming kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Kelgusida vaziyat yanada yomon tus olishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotda keltirilishicha, hozir Yer sayyorasi aholisining 99 foizi salomatlik uchun xavf tug‘diruvchi havodan nafas olyapti.

“Ifloslangan atmosferada mayda zarrachalar va azot dioksidi miqdori meyoridan yuqori. Bu omil odamlar o‘rtasida xavfli kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, zaharli moddalar o‘pka orqali organizmga kirib, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, nafas yo‘llarida jiddiy muammolar yuzaga keladi. Kul zarralari va chang konsentratsiyasi ortishidan allergiyaga moyil bemorlar ham aziyat chekadi. O‘z navbatida, bronxial astma, demans va boshqa ko‘plab surunkali kasalliklar rivojlanishi xavfi paydo bo‘ladi.
Mazkur global muammodan ayniqsa, o‘rta va past daromadli mamlakatlar aholisi eng ko‘p zarar ko‘rishi taxmin qilinyapti, deyiladi xabarda.
Shu sababli BMT dunyo davlatlari atmosfera ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tezkor va samarali choralar ko‘rishi zarur, degan xulosada.