TOShKENT, 18 dek — Sputnik. "Uzbekistan Airways" to‘rtinchi Airbus 321neo havo kemasini xarid qildi. Kecha tunda havo kemasi Toshkent aeroportining mahalliy aviayo‘nalishlar terminaliga kelib qo‘ndi.
Qayd etilishicha, mazkur samolyot energiya tejovchi bo‘lib, u 188 nafar yo‘lovchi sig‘imiga ega. Samolyotning maksimal uchish vazni 97 tonnaga teng. U 6 850 km masofagacha parvoz qilish imkoniga ega.
“2022 yil uchun 5 ta yangi havo kemasini xarid qilish rejalashtirilgan edi. Bugun biz to‘rtinchi havo kemasini kutib oldik. Keyingi o‘n yillikda yana 12 ta havo kemasini qabul qilishni rejalashtirganmiz”, - deydi Uzbekistan Airways matbuot kotibi Kamola Ikromova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.
Qayd etilishicha, aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimi joriy etish, havo kemalarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘riladi. Xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.