TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlashni xususiy tartibda amalga oshirishga doir taqiq bekor qilinmoqda. Bu haqida deputat Rasul Kusherbayev xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu haqidagi tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risidagi qonunda donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlashni xususiy tartibda amalga oshirish taqiqlanishi belgilangan.
Hujjatda bu ishlarni qon bilan ishlash xizmati amalga oshirishi, donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash hamda ishlatish tartibi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.