Og‘ir atletika: O‘zbekiston terma jamoasi JChni beshta medal bilan yakunladi

Chempionatda medallar jamg‘arish bo‘yicha terma jamoa oltinchi natijani qayd etdi. Erkaklar o‘rtasida esa 3 ta oltin medal bilan to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 dek — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyada og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatini beshta medal bilan yakunladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Kolumbiyada og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi o‘z poyoniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida +109 kg vazn toifasidagi polvonlar supaga chiqishdi.
“Unda Akbar Jo‘rayev mamlakat sharafini himoya qilishi kerak edi. Biroq Jo‘rayev so‘nggi tayyorgarlik jarayonida kichik jarohat olgani bois murabbiylar shtabi tavakkal qilib uni supaga chiqishini istamadi. Afsuski, Olimpiada chempioni bu dunyo birinchiligini medalsiz yakunladi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston terma jamoasi chempionatda 3 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronza, jami 5 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Bu bilan medallar jamg‘arish bo‘yicha terma jamoa oltinchi natijani qayd etdi. Erkaklar o‘rtasida esa 3 ta oltin medal bilan to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi.