Qariyb 5,5 mlrd so‘mlik pirotexnika musodara qilindi – DBQ

Bu yil musodara qilingan noqonuniy pirotexnika vositalari 62 foizga ko‘p.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Qiymati salkam 5,5 mlrd so‘mlik 7 mln 435 mingta pirotexnika vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62 foizga yuqori, deydi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari v.b. Husan Tangriyev AOKAda o‘tkazilgan brifingda.
Tahlillarga ko‘ra, respublika bojxonachilari tomonidan joriy yilning 16-dekabr holatiga ko‘ra, pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga doir 123 ta bojxona qonunbuzilishi holatlari aniqlangan. Natijada, qiymati salkam 5,5 mlrd. so‘mlik 7 mln. 435 ming donadan ziyod pirotexnika vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62 foizga oshgan.
Jumladan, Farg‘onada 2 mln 137 ming dona, Toshkent shahrida 1 mln 514 ming dona, Qashqadaryoda 920 ming dona, Sirdaryoda 825,9 ming dona, Surxondaryoda 791,3 ming dona, Andijonda 519 ming dona pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi oldi olingan
2022 yil 16-dekabr holatiga ko‘ra, aniqlangan bojxona qonunbuzilishlarining 24 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek hozirgi kunda bojxona organlari surishtiruvchilari tomonidan 30 ta holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.