Markaziy bank 3 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini bekor qildi

Regulyator qonun talablariga muvofiq uchta to‘lov tizimining litsenziyasi qaytarib olinganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Markaziy bank 3 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini olib qo‘ydi. Regulyator matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur to‘lov tizimlari qonun talablarini bajarmagan.
“Ular O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonuni 25-moddasiga muvofiq, to‘lov tashkiloti litsenziya olingan kundan e’tiboran bir yil davomida faoliyatini amalga oshirmagan”, - deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 15-dekabrdagi qaroriga asosan:
“International Eco Pay” mas’uliyati cheklangan jamiyati;
“Panda Internet Technology” mas’uliyati cheklangan jamiyati;
“UGNIS” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalari chaqirib olingan.
Shundan so‘ng bu uch to‘lov tizimi to‘lov tashkilotlari reyestridan chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy banki boshqaruvining 7-oktabrdagi qaroriga asosan “Turkistonbank” va “HI-TECH BANK”dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olib qo‘yilgan edi.