YeI davlatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi haqida kelishib oldi

Navbatdagi cheklovlar bugun rasman tasdiqlanib, e’lon qilinishi kutilyapti.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda RIA Novosti France-Presse agentligiga tayanib, xabar bermoqda.
Diplomatik manbalarga ko‘ra, sanksiyalar bo‘yicha murosa kelishuviga Yevropa Ittifoqi yetakchilarining Brusselda bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida erishildi. Yangi cheklovlar juma kuni rasman tasdiqlanadi.
O‘z navbatida, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketi bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqladi. Polsha bosh vaziri Moraveskiy, Yevropa Ittifoqining individual sanksiyalari 200 ga yaqin rossiyalikni qamrab olganini, ikki maqsadli mahsulotlarga ham cheklovlar joriy etilishini qo‘shimcha qildi.
Rossiya TIV rahbarining o‘rinbosari Aleksandr Grushko navbatdagi cheklovlarga munosabat bildirib, rasmiy Moskva yangi sanksiyalar sharoitida mamlakat iqtisodiyoti manfaatlarini ta’minlash choralarini ishlab chiqishini ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Biz (Brusselning harakatlarini) salbiy baholaymiz. Biz iqtisodiy manfaatlarimizni ta’minlaydigan chora-tadbirlar ishlab chiqamiz”, - deydi Grushko.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng AQSh boshchiligida G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini keskin kuchaytirdi. Rossiya eksporti sohasi, bank va boshqa sohalariga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etildi. Lekin o‘tgan vaqt davomida ular ketilgan natijaga olib kelmadi, rubl qulamadi, Rossiya iqtisodiyoti barbod bo‘lmadi. Yevropa va AQShda esa sanksiyalar oqibatida elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va cheklovlar butun dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytdi. Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilarining asosiy maqsadi - dunyoda millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zini yakkalamoqchi emas, uni zamonaviy dunyoda qattiq izolyatsiya qilib bo‘lmaydi.