Berlinda 16 metrli akvarium yorilib ketdi

Gigant akvariumning suv sig‘imi million litrga teng. Uning ichida 1,5 mingta baliq ham bor.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Berlindagi Dom Aquaree mehmonxonasida 16 metr balandlikdagi silindrsimon akvarium yorilib ketdi. Hozirda shahar o‘t o‘chirish xizmati xodimlari voqea joyida bo‘lib turibdi.
“Dom Aquaree’da favqulodda xizmatning 100 nafar xodimi ishlamoqda. Akvarium shikastlangan, suv sizib chiqmoqda”, - deyiladi o‘t o‘chirish xizmatining Twitter sahifasida.
Berlin politsiyasi ham voqea joyiga yetib kelganini ma’lum qildi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, akvariumdagi suv “ko‘chaga oqapti”. Germaniya poytaxti aholisidan hududni aylanib o‘tishga chaqirildi.
Bild nashrining yozishicha, sig‘imi million litr bo‘lgan akvariumdan suv bilan birga 1,5 ming baliq ham otilib chiqqan. Shuningdek, ikki kishi jarohat olgani qayd etilgan.