TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Jahonda geosiyosiy keskinlikning saqlanib qolishi O‘zbekistonning qarz olish shartlarining qattiqlashishi tufayli tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarini qisqartirishi mumkin. Bu haqda mamlakat Markaziy banki matbuot xizmati e’lon qilgan sharhda so‘z boradi.
“Geosiyosiy tanglikning davom etishi esa tashqi moliya bozorlarida mamlakatimizning “xatar mukofoti”ning ortishiga olib kelishi mumkin”, - deyiladi MB izohida.
Qayd etilishicha, ushbu omillar global moliyaviy sharoitlarning qat’iylashib borishi fonida tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarish xavfini orttiradi.
“Bunday sharoitda, ichki moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi va umumiy fiskal taqchillikning qisqartirilishi tashqi ta’sirlarni minimallashtirish imkonini beradi”, - deya ta’kidlagan MB.
Undan tashqari, Markaziy bank O‘zbekiston iqtisodi uchun ehtimoliy xatarlar sifatida quyidagi omillarni ham sanab o‘tdi:
Transport-logistika va tashish narxlarining oshishi;
Global iqtisodda ehtimoliy retsessiya xavfining saqlanib qolishi;
Bazaviy inflyatsiyaning o‘sish dinamikasi.
O‘zbekistonning 2022-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, joriy yilda davlat kafolati bo‘yicha tashqi qarz olish cheklovlari 4,5 milliard dollar darajasida saqlanib qoldi. Jumladan, davlat budjeti va uning taqchilligini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,5 milliard dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2 milliard dollar qarz olish limiti belgilangan.