TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani Bog‘ko‘cha mahallasida ko‘rish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 46- yangi maktab-internat ochildi. Unda 282 nafar o‘quvchi tahsil olishni boshladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tashabbusi bilan maktab-internatning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Asmonur Rejabboyevaning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlariga 14,9 milliard so‘m sarf etilgan.
“Bu yerda o‘quvchilarga umumta’lim maktablari dasturidagi barcha fanlar surdopedagog yordamida o‘qitiladi. Hozirda maktab-internatda 65 nafar pedagoglar bo‘lib, ularning 13 nafari defektolog mutaxassislar sanaladi”, - dedi u.
Maktab-internat 300 o‘rinli o‘quv binosi, zamonaviy sport zali, stadion, 250 o‘rinli oshxona va yotoqxonadan iborat bo‘lib, barcha qulayliklar mujassam.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan 260 nafar o‘quvchiga maxsus eshitish moslamalari taqdim etildi. Mazkur moslamalar eshitishda nuqsoni bor bolalarni ijtimoiy muhitda sog‘lom insonlardek yashashi va sifatli bilim olishiga katta imkon yaratadi. Men ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib yig‘lab yubordim”, - deydi maktab-internat direktori Baxtiyorjon Alimatov.
Ta’lim muassasasida zamonaviy kompyuter jihozlari keltirilgan bo‘lib, ularda imkoniyati cheklangan bolalarning informatika, kompyuter texnologiyalari, IT fanlarini o‘rganish uchun to‘liq sharoitlar yaratilgan.
Namanganda imkoniyati cheklangan bolalar uchun yangi o‘quv dargohi ochildi
© Namangan viloyati hokimligi
“46-maktab-internatda imkoniyati cheklangan bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgani O‘zbekistonda inklyuziv ta’limga berilayotgan e’tiborning mahsuli sanaladi. Imkoniyati cheklangan bolalarning sog‘lom rivojlanishida jismoniy tarbiya fanini o‘qitilishi muhim ahamiyat kasb etgani bois ta’lim muassasasida zamonaviy sport zal va stadion bir vaqtning o‘zida qurib bitkazildi. Hozirda pedagoglar jismoniy tarbiya fanlarini issiq va sovuq mavsumlarda amaliy tarzda tashkillashtiradilar”, - deydi direktor.
Namanganda imkoniyati cheklangan bolalar uchun yangi o‘quv dargohi ochildi
© Namangan viloyati hokimligi
Ma’lumot uchun, hozirda Namangan viloyatida imkoniyati cheklangan fuqarolar manfaatini himoya qilishga ixtisoslashtirilgan o‘ndan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari hamda 8 ta maxsus maktab-internat faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga kasb-hunar o‘rgatish, ta’lim berish, bandlikni ta’minlash chora-tadbirlariga alohida e’tibor berilyapti.