Aholi bandligini ta’minlash borasida to‘rt yo‘nalishda vazifalar belgilandi

Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashga topshiriq berildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligi o‘tgan yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora tadbirlar belgilandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Birinchi yo‘nalish – kelasi yili paxta va g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektarni aholiga bo‘lib berish eng katta zaxira bo‘ladi.
Endi yerni qo‘lidan ish keladigan, dehqonchilikni biladigan odamlarga berish, kamida 600 ming aholini doimiy va 900 ming aholini mavsumiy daromad olishini ta’minlash zarur.
8 trillion so‘mlik 600 dan ziyod saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun sanoatda ish o‘rinlari yaratishi kerak. Shu bilan birga, kelasi yili qishloq xo‘jaligiga xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan 400 million dollarni ko‘proq doimiy ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga yo‘naltirish zarur.
Kelgusi yilda pilla yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish maqsadida ushbu sohaga ham erkinlik berilishi ta’kidlandi. Endilikda yetishtirilgan pilla aholidan jahon birjalaridan kam bo‘lmagan narxda xarid qilinadi.
Bu kamida 500 ming aholini band qilib, ularning daromadini 2-3 baravar oshirish imkonini beradi.
Ikkinchi yo‘nalish doirasida ishsizlik og‘ir bo‘lgan 1 mingta mahalla uchun 300 ta mikro-markaz tashkil etib, ularga tadbirkorlik uchun imkoniyat yaratilishi zarur.
Tuman va shaharlarning 255 ta markaziy ko‘chasi hamda 274 ta mahalladagi savdo-xizmat ko‘chalari to‘liq ishga tushishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga 17 ta tuman va shaharning master-rejalarini 1-aprelgacha yakuniga yetkazib, savdo va servis obyektlari uchun yangi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Tushgan mablag‘lar yana 20 ta tuman va shaharning master-rejalarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.
Kelgusi yilda avtomobil yo‘llari bo‘yida 3 mingdan ortiq yer maydonlarini auksionga chiqarish ham servis sohasida yangi ish o‘rinlari uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
1 aprelga qadar 60 mingta ko‘chma savdo shoxobchalari uchun yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali kelasi yili kamida 200 ming aholi uchun daromadli ish o‘rni yaratish shart.
Uchinchi yo‘nalish – 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyihani ishga tushirish hisobiga, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, sanoat zonalarida 16 trillion so‘mlik 1 ming 300 ta loyihani ishga tushirish shart.
Mutasaddilarga kelgusi yilda tadbirkorlarga 536 ta noruda konlar va maydonlarni auksion orqali sotish, bunga investorlarni jalb qilib, qurilish materiallari sohasida yangi doimiy ish o‘rinlari yaratishga topshiriq berildi.
Umuman, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezident to‘rtinchi yo‘nalish – Yangi O‘zbekiston massivlari, ipoteka dasturi doirasida va xususiy sektor bilan kelasi yili 90 mingta xonadonli uy-joylar qurish shartligini qayd etdi.
Bugungi kunga qadar ipoteka dasturlari doirasida qurilishi kerak bo‘lgan xonadonlarning atigi 20 mingtasi yoki 40 foizi yakuniga yetgan. Bundan tashqari, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida jami 1 ming xonadonli uy-joylarni qurish ishlari boshlanmagan.
Bosh vazirga o‘n kun muddatda rejani bajarmagan hududlar bo‘yicha xulosa qilib, taklif kiritish topshirildi.
Kelasi yili har bir viloyat hokimi 5-10 ming xonadonli uy-joy qurish rejasini qilib, buning uchun bir oy muddatda yer uchastkalarini auksionga chiqarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish bo‘yicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, kelgusi yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashga topshiriq berildi. Bunda, ularga mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilishi ta’kidlandi.