Iordaniya aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Toshkent-Ammon reyslari ikki haftada bir amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Iordaniyaning “Jordan Aviation” aviakompaniyasi Ammon-Toshkent-Ammon yo‘nalishida yangi parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.
14 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:10 da Ammondan Toshkentga uchib kelgan Boeing-767 samolyoti kutib olingan.
Ikki davlat o‘rtasidagi reyslar “Jordan Aviation” va O‘zbekistonning “Ahella Tour” turoperatori o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Toshkent-Ammon reyslari charter asosida ikki haftada bir amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Jordan Aviation” — shtab-kvartirasi Ammanda joylashgan Iordaniya aviakompaniyasi. Kompaniya charter reyslarini amalga oshirishdan tashqari, BMT tinchlikparvar missiyalari uchun havo transportini ta’minlovchi muhim aviakompaniya hisoblanadi.