TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Buxoro shahrining Islom Karimov ko‘chasida “Street Food” gastronomik ko‘chasi tashkil etilmoqda. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Gastronomik ko‘chaning uzunligi 820 metr bo‘lib, mavjud xizmat va savdo shoxobchalari soni 36 tani tashkil etadi, shundan 9 tasi umumiy ovqatlanish shoxobchalari hisoblanadi.
Shuningdek, gastronomik ko‘chada 22 ta do‘kon va 50 ta ko‘chma savdo shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida 190 ta yangi ish o‘rni yaratilishini ham ta’minlaydi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro shahridagi Islom Karimov ko‘chasining Piridastgir hamda Alpomish ko‘chalari kesishmasi bo‘lgan hudud gastronomik ko‘cha sifatida belgilangan.