Vengriya aviakompaniyasi ilk bor Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Yangi yo‘nalishdagi parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 13 dek — Sputnik. 13 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:29 da Vengriyaning WizzAir aviakompaniyasiga tegishli samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekistonga Abu-Dabi — Samarqand — Abu-Dabi parvoz yo‘nalishini ochgan Airbus A321 neo samolyoti an’anaga ko‘ra suv arkasi, ekipaj a’zolari va 141 nafar yo‘lovchi esa karnay va surnay sadolari bilan kutib olindi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 25-yanvaridan boshlab WizzAir Toshkent aeroportiga haftasiga uch marta – dushanba, chorshanba va juma kunlari parvozlarni boshlashni rejalashtirgan.
WizzAir — Vengriyaning arzon aviakompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Budapeshtda (Vengriya) joylashgan.