TIV Meksikada hibsga olingan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi

TIV Meksikada qo‘lga olingan o‘zbekistonliklarga konsullik yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Shu kunlarda qator ommaviy axborot vositalarida Meksikaning Gomes-Palasio shahrida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingani to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi. Tashqi ishlar vazirligi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi zudlik bilan Meksikaning AQShdagi elchixonasi, Migratsiya milliy instituti va ushbu mamlakatning boshqa muassasalari bilan muzokaralar olib borgan.
Natijada diplomatik missiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar barcha O‘zbekiston fuqarolari qo‘yib yuborilgan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
“Ularning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Barcha fuqarolarimizning shaxsi aniqlangan”, - deyiladi TIV xabarida.
Ta’kidlanishicha, hozirda meksikalik hamkorlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.