TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Bugun Toshkentda Vengriyaning “OTP Bank” guruhi “Ipoteka bank” aksionerlik-tijorat ipoteka bankini xususiylashtirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Bitimning moliyaviy yakuni 2023-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda. Dastlab venger banki “Ipoteka bank”ning 75 foiz ulushini, qolgan 25 foizni uch yil davomida sotib oladi. Kelishuv summasi hozircha ochiqlanmadi.
“Ipoteka bank” hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi beshinchi bank bo‘lib, umumiy bozorning 8,5 foizini tashkil etadi va 1,6 milliondan ortiq mijozga ega.
Hujjatni bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda OTP Bank nomidan boshqaruv raisi va bosh direktori Shandor Chani va bosh direktor o‘rinbosari Laslo Volf imzoladi.
Vengriya banki delegatsiyasi bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi. Uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.