Tehron va Moskvaning hamkorligi uchinchi davlatga qarshi qaratilmagan – Eron TIV

Tehron Ukraina mojarosida ishtirok etmasligi va harbiy harakatlarda qatnashmasligini yana bir bor ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Moskva va Tehron o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik hech qanday uchinchi davlatga, xususan, Kiyevga qarshi qaratilgan emas, dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanaoni dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Eron va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik umumiy manfaatlarga asoslanadi, ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik hech qanday uchinchi davlatga qarshi qaratilmagan”, - degan Kanaoni.
U Tehron Ukraina mojarosida ishtirok etmasligi va harbiy harakatlarda qatnashmasligini yana bir bor ta’kidladi.
“Ushbu inqirozning yechimi tinchlik o‘rnatish va urushni tugatish uchun zarur bo‘lgan siyosiy muloqotdir. Biz bu mojaroda qatnashayotgan tomonlarning hech biriga hech qanday qurol yoki harbiy yordam bermaganimizni ko‘p marta aytganmiz”, - deya qo‘shimcha qildi eronlik diplomat.
G‘arb davlatlarining da’vo qilishicha, Eron go‘yoki ayni paytda Ukrainadagi harbiy amaliyotlar uchun Rossiyaga dronlar yetkazib bermoqda. Moskva va Tehron bu kabi ayblovlarni bir necha bor rad etgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyning aytishicha, Tehron Rossiya Federatsiyasiga Ukrainada maxsus operatsiya boshlanishidan bir necha oy oldin uchuvchisiz uchish apparatlari yetkazib bergan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Rossiyaga raketalar yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni “butunlay yolg‘on” deb atadi. Shuningdek, Kreml ularda Eron qurollari haqida ma’lumotlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi avvalroq Tehronga qarshi bu mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari bilan qoplangan vaziyat tufayli sanksiyalar kiritgan edi. Bunga javoban Eron ham Yevropa Ittifoqiga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi.