Polad Bulbulo‘g‘li Toshkentda konsert beradi

Ozarbayjon xalq artisti bugun Toshkentda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlari Yoshlar simfonik orkestri konsertining solisti bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Ramiz Baxtiyarov. Ozarbayjon xalq artisti, Ozarbayjonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Polad Bulbulo‘g‘li Toshkentdagi konsert dasturida ishtirok etadi.
Bulbulo‘g‘li bugun, 12-dekabr kuni Toshkentda boshlangan MDH ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi doirasida bo‘lib o‘tadigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Yoshlar simfonik orkestri konsertining solisti bo‘ladi.
Orkestr 2007-yilda MDHga a’zo davlatlarning Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi (GHDJ) ko‘magida tashkil etilgan.

“Turli yillarda taniqli dirijorlar Yuriy Simonov, Vladimir Spivakov, Vasiliy Valitov orkestrga rahbarlik qilishdi. Bu safar O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri ansambl bazasiga aylanadi”, - dedi Sputnik muxbiriga tadbir tashkilotchilari.

Dirijorlik shohsupasida Rossiya xalq artisti Sergey Skripka, ozarbayjonlik dirijor Murtazo Bulbulo‘g‘li, o‘zbekistonlik dirijor Alibek Kabdurahmonov va uning turkmanistonlik hamkasbi Rasul Qlichevlar mahoratini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, MDHga a’zo davlatlar ijodkor va ilmiy ziyolilarining XV forumi Toshkentda 14-dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Uning ishtirokchilari – Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlarning taniqli san’atkorlari, sportchilari va olimlari.
Bu galgi forumning mavzusi – “Gumanitar hamkorlik – o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari”. Tadbir doirasida “Hamdo‘stlik yulduzlari”, “Hamdo‘stlik debutlari” mukofotlari topshiriladi.
MDH Ijodkor va ilmiy ziyolilarining forumlari 2006-yildan boshlab turli mamlakatlarda navbatma-navbat o‘tkazib kelinmoqda. U har yili o‘tkaziladigan eng yirik gumanitar tadbir.