Import va mahalliy Ai-80 benzini aksiz solig‘idan ozod qilindi

2023 yil 1-martga qadar AI-80 benzini uchun istisno tariqasida aksiz solig‘i "nol" stavkada qo‘llaniladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti AI-80 rusumli avtobenzin mahsulotini aksiz solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi.

Qaror bilan 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar ishlab chiqaradigan va tadbirkorlik subyektlari yakuniy iste’molchilarga sotadigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun istisno tariqasida aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash belgilandi.

Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, 13-dekabr soat 00.00 dan boshlab "O‘zbekneftgaz"ga qarashli barcha AYoQShlarda AI 80 benzini narxi bir litri uchun 5700 so‘mdan (hozir 6800 so‘m) sotilishni boshlaydi.
2022 yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-aprelga qadar “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan istisno tariqasida Biznes ombudsman bilan kelishilmasdan tadbirkorlik subyektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini tekshirishga ruxsat berilmoqda.
Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi o‘tkaziladigan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yo‘qotishlariga va talon-tarojliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan jazo choralarini qo‘llash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, AI-80 benzini importi uchun aksiz solig‘i va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘ini hisoblash va undirish to‘xtatib turilishi 7-dekabr kuni ma’lum qilingan edi. Shuningdek, birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzinining kunlik hajmini oshirish, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5 foizidan ortiq bo‘lmasligini ta’minlashga qaror qilingan edi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev esa yaqin kunlarda benzin 1000-1200 so‘mga arzonlashishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.