TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda energiya resurslari bilan ta’minlash sohasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldashev ayrim ma’lumotlarni ochiqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, “Hududgazta’minot” AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan “Hududgaz Toshkent” filiali direktori M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Shuningdek, “Yangiyo‘l tumangaz” rahbari Umid To‘ychiyev va "Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi" sobiq rahbari Furqat Shodmonqulovga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
“Agar boshqa hududlardagi mas’ullar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ysa, ularga ham albatta xuddi shunday jinoiy ish qo‘zg‘atiladi”, - dedi Sardor Umurzakov.