TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Anjumanda Turkmaniston raisligida muloqot doirasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, mantaqadagi gender tengligi masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Shuningdek, faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda mazkur platformani institutsionallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Narbayeva birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli muloqot dolzarb mintaqaviy platformaga va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida gender tengligini ta’minlash masalalarini keng va ochiq muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanganini qayd etdi.
Yig‘ilishda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga barham berish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini beradigan hujjatlar qabul qilindi.
Muloqotda raislik muddati bir yil bo‘lgani sababli 2023-yilda uni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va raislik rasman Qozog‘istonga o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga 2020-yil dekabr oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan asos solingan.
U mintaqadagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda barqaror rivojlanish bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma hisoblanadi.