TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Qishloq xo‘jaligida qator yirik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, dunyoda oziq-ovqat taqchilligi tobora ortib, mintaqada cho‘llashish jarayoni kuchayib borayotgani qishloq xo‘jaligi xodimlari oldiga ham dolzarb vazifalar qo‘ymoqda.
“Biz sohani barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida agrar tarmoqda boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettiramiz. Xususan, qishloq xo‘jaligida suv ta’minotini yaxshilash, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlaymiz”, - deydi prezident.
Paxtachilik va g‘allachilikda bozor tamoyillarini keng joriy etish, ilmiy asosda mahsulot yetishtirish, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirish choralari kuchaytiriladi.
Shu bilan birga, mahalliy sharoitga mos, arzon qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, ularni fermer va dehqonlarga imtiyozli shartlarda yetkazib berish, subsidiyalar ajratish va qo‘shimcha moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatish sifati va darajasini oshirish, amaliyot va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash masalalari ham davlat e’tibori markazida bo‘ladi.
Mirziyoyev mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bandlikni ta’minlash maqsadida boshlangan ijobiy tajriba davom ettirilib, dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun qo‘shimcha 100 ming gektardan ortiq yer aholiga tarqatilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun joriy yilda 100 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ochiq elektron auksion orqali aholiga tarqatildi. Buning hisobidan 420 mingdan ortiq yangi xo‘jalik tashkil etilib, 1 million 200 ming dan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.