TOShKENT, 11 dek — Sputnik. O‘zbekiston 2026-yilga borib kambag‘allik darajasini 2 barobarga qisqartirish maqsadida Xitoyning ilg‘or tajribasidan foydalanadi. Bu haqda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xu Chunxua o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Uchrashuvda kambag‘allikni qisqartirish sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mita shakllantirish hamda uning birinchi yig‘ilishini 2023-yil O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Tomonlar kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘zaro hamkorlik, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning to‘liq institutsional asoslari yuzasidan fikr almashishdi.
Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama etildi:
Yerlarini ijaraga berish, urbanizatsiya va shaharlarni rivojlantirish;
Yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish;
Iqtisodiy o‘sish drayveri bo‘lgan xususiy tadbirkorlik sohasi, xususan, sanoat klasterlari, mis sanoatini rivojlantirish;
Sanoat sohalarini rivojlantirishda Xitoy kompaniyalari bilan “yashil” iqtisodiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish;
Energiya va suv sarfini kamaytirishga qaratilgan “yashil” texnologiyalarni joriy etish.
Ma’lumot uchun, Xitoy dunyo mamlakatlari ichida birinchilardan bo‘lib o‘tgan yilda mutlaq kambag‘allik ustidan to‘liq g‘alaba qozonganligi to‘g‘risida e’lon qilgan.
Hozirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish, “yashil” taraqqiyot, raqamli iqtisodiyot va boshqa sohalarda Xitoyning mas’ul tashkilot va idoralari bilan yaqindan hamkorlik olib bormoqda. Shuningdek, Xitoy kambag‘allikni qisqartirish Xalqaro markazi o‘rtasida 2022–2023-yillarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish hamkorlik dasturi imzolangan.