TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Xarbiy xizmatchilar “Sazagan” dala o‘quv maydonida qorli sharoitda jangovar qurollardan foydalanishning yangicha uslublarini sinab ko‘rishdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning jangovar qobiliyatini oshirish va har qanday ob-havo sharoitida ham jangovar vazifasini ado etish maqsadida muntazam ravishda mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
“Sazagan” dala o‘quv maydonida noqulay qorli sharoitda o‘tkazilgan jangovar mashg‘ulotlar davomida batalon taktik guruhi zirhli texnikalar yordamida harkatlanib, o‘quv nuqtalarida taktik tayyorgarlik borasida manyovrlarni bajargan holda yetib bordi.
Harbiy xizmatchilar quyidagi uslublarini amalda sinab ko‘rishdi:
iqlimga mos ravishda niqoblanish;
ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, havo hujumidan mudofaani tashkil etish;
taktik tayyorgarliklar;
qorli tog‘ sharoitida turli pozitsiyalarda turgan holda jangovar qurollardan yangicha otish.
Shuningdek, qo‘shinlarni bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga ko‘chirib o‘tish, harbiy texnika va yuklarni tashish uchun foydalaniladigan temir yo‘l vagonlariga ishonchli va mustahkam etib joylashtirish, saqlash va olib yurish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.