Ulug‘bek Rashitov yakuniy Gran-prining kumush medal sovrindori bo‘ldi

U finalda iordaniyalik Zaid Karimga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Sputnik
TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Ulug‘bek Rashitov Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha yakuniy Gran-prining kumush medal sovrindoriga aylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Saudiya Arabistonida tayekvondo WT bo‘yicha yilning yakuniy Gran-pri musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan Ulug‘bek Rashitov -68 kg vazn toifasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. U finalda iordaniyalik Zaid Karimga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Rashitov ushbu natija evaziga o‘z hisobiga Parij-2024 Olimpiadasi uchun 60 ochkoni qo‘shib qo‘ymoqda.
Ulug‘bek Rashitov
Eslatib o‘tamiz, Rashitov Ulug‘bek Rashitov chorak finalda shvetsiyalik Ali Alianga qarshi bahs olib borgandi. Barcha raundlarda o‘zining yaqqol ustunligini namoyish eta olgan Rashitov 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va oltin medal sari yana bir qadam tashladi.
U erkaklar o‘rtasidagi -68 kg vazn toifasining yarim finalida britaniyalik Bredli Sindenga qarshi dayanga chiqdi. Rashitov o‘z ustunligida o‘tkazgan bahsni raqamlarda ham ko‘rsata oldi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.