O‘zbekistonning 7 viloyatida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi

Tog‘li hudud aholisi va dam oluvchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘ralmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekistonning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tumanlarida 10-14 dekabr kunlari qor ko‘chkisi yuz berishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘jayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining sezilarli o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan:
Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida;
Surxondaryo viloyati: Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumanlarida;
Samarqand viloyati: Qo‘shrabot, Nurobod, Samarqand, Urgut, Bulung‘ur tumanlarida;
Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Bo‘stonliq tumani va Chotqol tizmasining “Chimon” tog‘larida;
Namangan viloyati: Pop tumanida;
Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona tumanlarida qor ko‘chish xavfi elon qilinadi.
Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘ralgan.
Avvalroq mamlakatda sovuq havo kelasi hafta boshigacha saqlanib qolishi, dam olish kunlarida esa havo sovishi haqida xabar bergan edik.