Narxni oshirgan va sifatsiz mahsulot sotgan “zapravkalar”ga benzin yetkazib berish to‘xtatildi

Hozirda O‘zbekistondagi 2 000 dan ziyod benzin AYoQShlarga kuniga o‘rtacha 4000 tonnadan ziyod benzin yetkazib berilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Narxni oshirgan va sifatsiz mahsulot sotgan 299ta avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchasiga benzin yetkazib berish to‘xtatildi.
Gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi vaqtinchalik cheklovlar, avtobenzin narxini oshishiga olib kelmaydi. Hozirda O‘zbekistondagi 2 000 dan ziyod benzin AYoQShlarga kuniga o‘rtacha 3 200 tonna benzin o‘rniga 4000 tonnadan ziyod benzin yetkazib berilmoqda.
O‘zneftgazinspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi AYoQShlarda AI-80 benzin 8 ming so‘mdan sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat o‘rganilganda, Termiz shahridagi “DON” xususiy firmasiga tegishli AYoQSh haqiqatdan ham narxni asossiz oshirgani tasdiqlangan. Narxni asossiz oshirgan AYoQShga benzin yetkazib berish to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini sun’iy oshirish holatlarini nazoratga olib, avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalarini ogohlantirgandi.
Qayd etilishicha, respublikaning ayrim hududlaridagi AYoQShlarda AI-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshganligi kuzatilmoqda.
Narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu subyektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘riladi.