TOShKENT, 9 dek - Sputnik. Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz masalasida birgalikda ishlashga tayyor, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bishkekda bo‘lib o‘tgan YeOII sammitidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida.
"Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz masalasida birgalikda ishlashga tayyor va ushbu faolit allaqachon boshlangan. Yaqinda O‘zbekiston vakillari Moskvada bo‘lishdi, Qozog‘istondan ham kelishi kutilmoqda"- dedi Putin.
Rossiya prezidenti aytishiga ko‘ra O‘zbekiston ham Qozog‘iston ham kelgusida qo‘shimcha energiya resurslariga muhtoj bo‘ladi, shuning uchun hozirdan qadamlarni o‘zaro muvofiqlashtirib olish va qo‘shimcha choralar ko‘rish zarur.
“Bu yerda hech qanday sir yo‘q. Qozog‘iston ham O‘zbekiston ham energiya ishlab chiqaruvchi, gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar. Ular kelajakka qaraydi va to‘g‘ri ish qiladi. U yerda juda yaxshi iqtisodiy jamoalar yaratilgan, barqaror siyosiy rahbarlik ham bor. Har ikki davlat prezidentlari kelgusi yillarda qancha energiya kerakligini o‘ylamoqda. Jumladan eksport majburiyatlarini va o‘sib borayotgan ichki talabni ham hisobga olgan holda, kelajakda ularga qo‘shimcha hajmlar qo‘shimcha resurslar kerak degan xulosaga kelishmoqda.
Bularning barchasi, hozirdan qadamlarni o‘zaro muvofiqlashtirib olishni talab qiladi. Va bu yo‘nalishda qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini bildiradi", - dedi Putin.
Bu yerda yengib bo‘lmaydigan birorta to‘siq yo‘q, lekin buning uchun ekspertlar darajasida juda tizimli ish olib borish va to‘g‘ri hisob-kitoblar, moliyaviy kelishuvlar tuzish, davlatlar sarmoya kiritishi zarur.
Aytish joizki, barcha davlatlar bunga tayyor. Ushbu qo‘shma ishni hamma xohlaydi va ular hatto sarmoyalarga kirtishga ham tayyor. Bu juda yaxshi, katta istiqbolli ish. Va bu ish boshlandi”, - dedi Putin.
"O‘zaro kelishilgan va ehtimol, qayerdadir murosali yechimlarni ishlab chiqish va qabul qilishni talab qiladigan ko‘p masalalar borki, ularni aniq topish mumkin. Ya’ni, bu ma’noda qandaydir energetik alyans bo‘lishi mumkin", - dedi Putin jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida gaz ittifoqi tuzish haqidagi xabarlar noyabr oxirida Toqayevning Moskvaga tashrifidan so‘ng paydo bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston energetika vaziri 7-dekabr kuni bergan bayonotida respublika qo‘shni davlatlardan gaz va elektrni, ittifoq tuzmasdan, tijorat shartnomalari asosida sotib olishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.
Bunga javoban Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston gaz ittifoqi tuzish haqidagi shartnomasi faqat tijorat maqsadlarni ko‘zlashini va bu yerda hech qanday siyosat yo‘qligini ma’lum qilgan edi.