O‘zbekiston va YeOII

Abdulla Aripov YeOII iqtisodiy kengashida ishtirok etish uchun Bishkekka yetib keldi

O‘zbekiston hukumati rahbari Bishkekda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi sammitida ishtirok etadi.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iziston poytaxti Bishkekga yetib bordi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
Aripovni aeroportda Qirg‘iziston hukumati rahbari Oqilbek Japarov qarshi oldi.
Aripov bugun, 9-dekabr kuni Bishkekda o‘tayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitining kengaytirilgan majlisida ishtirok etadi.
O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi. Ittifoq 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015 yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.