TOShKENT, 8 dek — Sputnik. “O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisi Behzod Normatov O‘zbekiston gaz eksportini to‘liq to‘xtatganini ma’lum qildi.
“Hozir kunlar sovib ketgani, asosiy maqsadimiz aholi xonadoniga yetkazib berishligini inobatga olib, hamma eksport, jumladan, Xitoyga qilinayotgan eksport 100 foiz to‘xtatilgan. Bo‘shagan hajmlar aholiga yo‘naltirilgan”, - dedi Normatov “Sevimli” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston gaz eksportini 2021-yilga qaraganda 3 baravarga qisqartirgan.
“Chunki O‘zbekistonda bir nechta elektrostansiyalar qurildi. Iqtisodiyotimiz rivojlanmoqda. Gazdan foydalanayotgan quvvatlar paydo bo‘lmoqda, aholi soni o‘smoqda, yangi uylar qurilmoqda. Bularni inobatga olib, har yili aholiga yetkazib beriladigan gaz hajmi 5-7 foizga ko‘paytirib beriladi. Shunga qarab biz eksport va import hajmini rejalashtiramiz”, - dedi “O‘ztransgaz” boshqaruv raisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident topshirig‘iga asosan, bosh vazir boshchiligida O‘zbekiston hududida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish Hukumat ishchi guruhi tuzilgan edi.