TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan chegara bojxona postlarida fuqarolar o‘rtasida viktorinalar o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Mamlakat Bosh Qomusi qabul qilinganligining 30-yilligi munosabati bilan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara bojxona postlarida sayyor viktorinalar tashkil etildi.
Savol-javoblarda yuk avtotransport vositalari haydovchilari va temir yo‘l orqali xorijdan mamlakatga kirib kelayotgan fuqarolar faol qatnashdi.
O‘z bilimdonligini namoyon qilgan ishtirokchilarga O‘zbekiston Konstitutsiyasi va esdalik sovg‘alari ulashildi.
Eslatib o‘tamiz, 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. O‘zbekiston Konstitutsiya kuni milliy bayram bo‘lgani uchun dam olish kuni deb e’lon qilingan. Ushbu tantanali bayram O‘zbekiston bo‘ylab barcha o‘quv dargohlari, tashkilot, muassasalarda keng nishonlanib, fidokor xodimlar hamda bir guruh talabalar taqdirlanadi.