O‘zbekiston va Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi

Sputnik
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov Rossiya mamlakatdagi elchisi Oleg Malginov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasida Qo‘shma komissiyaning 3-majlisi, shuningdek, Samarqand shahrida 1-2 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi.
Ikki tomonlama kelishuvlar va iqtisodiy loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari Qo‘shma komissiya yig‘ilishida 12 ta hamkorlik hujjati imzolangan edi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi 4-yil ichida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 baravarga o‘sdi. Joriy yilning 10 oyida o‘sish 30 foizni qayd etdi. Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalarining umumiy hajmi 13 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi.