TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Endi Telegram messenjerida maxsus Fragment platformasi yordamida sim-kartasiz ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Messenjerda virtual anonim raqamlar savdosi boshlandi, deb xabar bermoqda Telegram.
“Bugun maxfiylikning yangi davri boshlanyapti: Telegram akkauntini endi blokcheyn asosidagi anonim raqamlardan foydalangan holda sim-kartasiz ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Bunday raqamlarni Fragment platformasida xarid qilishingiz mumkin”, - deyiladi xabarda.
Endilikda foydalanuvchi Telegram’ga kirish uchun istalgan anonim raqamni sim-kartasiz qo‘lga kiritishi mumkin. Raqam to‘lov amalga oshirilgach, ko‘rinadi.
Aniqlik kiritilishicha, telefon raqamining narxi 9 TON’ga, taxminan 16,38 dollarga teng.
Oktabr oyi oxirida Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerda foydalanuvchi nomlarini sotib olish imkoniyatini ishga tushirgani, auksionlar maxsus Fragment platformasida o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.