Yangi yilda bolalarni qanday tomoshalar kutmoqda

Toshkentda bolalar uchun bayramga qanday tomoshalar rejalashtirilganini maqolamizda o‘qing.
Sputnik
Qish fasli kelib atrofni oppoq qor qopladi. Oldinda hamma orziqib kutadigan Yangi yil bayrami yaqinlashmoqda, Toshkentda bolalar uchun bayramga qanday tomoshalar rejalashtirilgan? Sputnk maqolasi aynan shu haqda.
O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatrida taniqli rus dramaturgi Oksana Rozum muallifligidagi “Sehrli qarsildoq” (“Volshebnaya xlopushka”) spektakli sahnalashtirilmoqda.
Asarda mushukcha yoz faslida tug‘ilgan bo‘ladi va hayotida ilk marotaba mo‘’jizalarga boy yangi yil bayramini kutib oladi. Uning do‘stlari quyonvoy va olmaxon ahil bo‘lib, bir biriga yordamlashadi.
Spektakl 24-dekabrdan namoyish etiladi. Bolajonlar bayram arafasida Qorbobo va Qorqiz bilan ham ko‘rishishlari mumkin.
“Rejissor Evelina Aripova yangi yil bayrami uchun tayyorlanayotgan spektaklni shou tomosha bo‘lishi uchun yorqin musiqalar, zamonaviy effektlar va rangli kostumlardan foydalanmoqda. Bolalar teatrga kelganida unutilmas taassurotlar bilan ketishlari kerak. Ayniqsa, sahnadagi “jonli qo‘g‘irchoqlar” ularga yanada ulkan zavq bag‘ishlaydi”, - deydi teatrning adabiy bo‘lim mudiri Ikrom Irkulov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Shermat Yormatov nomidagi “Bulbulcha” bolalar xor va raqs ansambli bayram uchun bolajonlarga “Yangi yil sarguzashtlari” nomli konsert dasturini taqdim etadi.
Konsert dasturi 25-27 dekabr kunlari 3 seansdan Turkiston saroyida bo‘lib o‘tadi.
“Shou-konsert dasturida kichkintoylar sevib tomosha qiladigan jahon multfilmlarining mashhur qahramonlari ishtirokida musiqiy tomoshalar ko‘rsatiladi. Har bir multqahramon o‘z xarakteri, pozitsiyasi va qobiliyati asosida Qorbobo olib keladigan sovg‘alarga ega bo‘ladi. Tomosha juda qiziqarli va maroqli”, - dedi “O‘zbekkonsert” DM axborot xizmati rahbari Abbos Ergashev.
Respublika Yoshlar ijod saroyida 22-24 dekabr, 6-8 yanvar kunlari “Musical” yoshlar teatr studiyasining “Muzurak” (“Xolodnoe serdse”) nomli muzikl tomoshasi namoyish etiladi.
“Muzurak” – bolajonlarning sevimli “Oppog‘oy va yetti gnom” multfilmi asosida yaratilgan muzikl bo‘lib, o‘zbek va rus tillarida sahnalashtirilgan.
“Musical yoshlar teatr studiyasida aktorlik yo‘nalishini tugatgan mahoratli yoshlar bilan ishlamoqdamiz, shuningdek, jajji aktorlar ham bor. Bolalar bilan ishlash juda qiyin deyishadi. Lekin bunga 100% qo‘shilmayman. Ular bilan ishlash maroqli va oson, bolalar kattalar singari aldashmaydi va yurakdan ijro qilishadi”, - deydi teatr studiyasi direktori, rejissor Ravshan Nurmuhamedov.
Hozirda repertuarda asosan bolalar uchun “Rapunsel”, “Olovuddin”, “Maugli”, “Sohibjamol va maxluq”, “Muzurak” kabi ertak tomoshalar bor.
“Har bir namoyishda tomosha zali bolalarga to‘lib ketadi, ularning kulgisi va qarsaklari baribir boshqacha, ayniqsa ular sovg‘alar to‘la qopi bilan kelayotgan qorboboni uchratishsa yanayam quvonchga to‘lishadi”, - deydi rejissor.
Yangi yil bayrami uchun bolalarga faqat teatr tomoshalari emas, balki unutilmas kinofilmlar va multfilmlar ham tuhfa etilmoqda.
“Bu yilgi bayram unutilmas lahzalarga boy bo‘ladi. 10-dekabrdan boshlab poytaxtdagi xususiy kinoteatrlarda bolajonlar uchun “Cheburashki”, “Masha i medved” multfilmi, o‘smirlar va kattalar uchun “Avatar 2” kinokartinasi, shuningdek, “Chuk va Gek” kinokomediyasining yangi talqindagi filmi namoyish etiladi. Barcha namoyishlar rus tilida bo‘lib o‘tadi”, - dedi kinoproduser Farrux To‘laganov.