TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Shtab tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Kunlar sovishi munosabati bilan mamlakatdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligida uzluksiz ish olib boradigan Shtab tashkil etildi.
Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 5-dekabr soat 08:00 dan 6-dekabr 08:00gacha “Tez yordam”ga 37 336 ta chaqiriq kelib tushdi. “103” xizmatida 2 733ta tibbiyot brigadasi faoliyat ko‘rsatdi.
Eng ko‘p chaqiriqlar Andijon viloyati (4 491 ta), Farg‘ona viloyati (4 450 ta), Namangan viloyati (3 821 ta), Toshkent shahri (3 665 ta) va Toshkent viloyati (3 178 ta) dan kelib tushdi.
Shifoxonaga 3291 nafar bemor yotqizildi. Ularning 2 462 nafari katta yoshdagi, 829 nafar esa kichik yoshdagi bolalar.
Aytilishicha, shu kunlari 2 568 nafar chaqaloq dunyoga keldi.
Vazirlik tasarrufidagi barcha tibbiyot muassasalari o‘z faoliyatini uzluksiz davom ettirmoqda.