TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston 2017-yildan boshlab Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlarning normallashuviga uzoq vaqtdan beri to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab siyosiy to‘siqlarni olib tashladi. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) tahlilchilari 6-dekabr, seshanba kuni chop etilgan “Markaziy Osiyo suv-energetika majmuasini tartibga solish” hisobotida shunday fikr bildirmoqda.
“Markaziy Osiyoda mintaqaviylashuv jarayonlari O‘zbekistonning (mintaqa – Sputnik) mamlakatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlash bo‘yicha yangilangan siyosiy yo‘nalishi munosabati bilan sezilarli tezlashdi”, - deb yozadi hisobot mualliflari.
Agar mintaqadagi suv-energetika majmui muammolariga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning sabablari Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida bu yo‘nalishda mustahkam hamkorlik yo‘qligida ekani ko‘rinadi.
Buni quyidagi fakt tasdiqlaydi: 1993-yildan 2010-yilgacha suv-energetika o‘zaro hamkorligi bo‘yicha tayyorlangan shartnomalarning birortasi ham Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullanmagan, deb ta’kidlaydi YeOTB.
O‘zbekiston 2017-yilda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha bir qancha qadamlarni taklif qildi: davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish, mintaqaviy iqtisodiy forum yaratish, hamda mintaqa yetakchilari assotsiatsiyasini tashkil etish.
Bundan tashqari, o‘sha 2017-yilda O‘zbekistonning sa’y-harakatlari bilan 25-yillik tanaffusdan so‘ng Toshkent va Dushanbe o‘rtasida havo qatnovi tiklandi, deya eslatgan bank tahlilchilari.
“Bir yil o‘tib Tojikiston va O‘zbekiston viza rejimini bekor qildi, o‘sha yili mamlakatlar o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 30-yildan so‘ng Tojikiston va O‘zbekiston temir yo‘l aloqasini tikladi: 2022-yil 21-iyun kuni birinchi poyezd Dushanbedan Toshkentga yetib keldi”, - deya qayd etgan YeOTB.
Suvdan foydalanish sohasida ikki tomonlama asosda O‘zbekiston Tojikiston va Qozog‘iston bilan hamkorlikni mustahkamladi, xususan, Rog‘un GESi va Zarafshon darosida ikkita gidroelektr stansiya qurilishini birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston va O‘zbekiston Qambarota GES-1 loyihasida aksiyadorlik ulushi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Qozog‘iston va Tojikiston energetika tizimlarini rivojlantirishda yaqinroq hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda”, - deyiladi hisobotda.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik YeOII formatida ham ma’lum darajada rivojlandi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston YeOIIning to‘laqonli a’zolari, O‘zbekiston 2020-yil 11-dekabrdan boshlab YeOII kuzatuvchisi maqomiga ega, deya aniqlik kiritdi bank.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti suv-energetika muammolari muhokamasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi – Tashkilotga a’zo davlatlar toza ichimlik suvi yetishmasligi bugungi kunning jiddiy muammosi ekanini alohida ta’kidladilar.
“Deklaratsiyada barqaror rivojlanish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etilgan. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq keng ko‘lamli muammolarni hal qilishda BMTning manfaatdor davlatlar va tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda”, - deb yozadi YeOTB.