Moskvada keksa ayolni yong‘indan qutqarib qolgan o‘zbekistonlik taqdirlandi

“StoLIChNIE istorii” tanlovi g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik Jamshid Aslonov taqdirlandi.
Sputnik
TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Moskvada keksa ayolni yong‘indan qutqarib qolgan o‘zbekistonlik Jamshid Aslonov taqdirlandi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Rossiya poytaxtida “StoLIChNIE istorii” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ezgu ishlarga qo‘l urgan, qahramonlik ko‘rsatgan bir qator chet el fuqarolari munosib taqdirlanishdi.
Taqdirlanganlar orasida o‘zbekistonlik Jamshid Aslonov ham bor. U moskvalik Anton Ivanov bilan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yong‘indan keksa ayolni qutqarib qolgan.
Shuningdek, tanlovda Tojikiston, Qirg‘iziston, Moldova va Belarus fuqarolari turli nominatsiyalarda g‘olib bo‘lishgan.
Ularning har biri esdalik diplom va tanlovning maxsus sovg‘asi hamda g‘oliblar bilan intervyu kiritilgan "StoLIChNIE istorii" to‘plamini olishgan.
“Tanlov birinchi marta o‘tkazilmoqda, uning muqobili yo‘q. Biz Rossiya ikkinchi Vataniga aylangan chet el fuqarolarining qahramonlik ishlari haqida turli xil hikoyalarni oldik. Ulardan biri muammoga duch kelgan odamni qutqarish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan, kimdir Ulug‘ Vatan urushi va afg‘on urushlari qahramonlarining tarixiy xotirasini saqlab qolish bilan shug‘ullangan, kimdir volontorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Biroq ishtirokchilarning har biri o‘z mehnati bilan xalqlar do‘stligini mustahkamlash, poytaxtda millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda”, – deya izoh berdi tanlov natijalariga tashkiliy qo‘mita rahbari Emma Rojdestvenskaya.
“StoLIChNIE istorii” tanlovi Moskva shahrining milliy siyosat va mintaqalararo aloqalar departamenti ko‘magiga o‘tkazilmoqda. 300 nafardan ziyod kishi unda qatnashgan.
Migratsiya siyosati, xorijliklarning ijtimoiy va madaniy moslashishi va integratsiyasi sohasidagi tanlovning asosiy maqsadi poytaxt aholisiga xorijlik fuqarolarning moskvaliklar va umuman jamiyat uchun qilgan qahramona, ezgu va fidokorona ishlari haqida so‘zlab berishdan iborat.