TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Rossiyaning Kursk viloyatidagi aerodromga uchuvchisiz uchish apparatlaridan hujum uyushtirildi. Bu haqda RIA Novosti viloyat gubernatori Roman Starovoitga asoslanib, xabar berdi.
“Dron hujumi natijasida Kursk aerodromi hududida neft saqlash rezervuari yonib ketdi. Qurbonlar yo‘q. Yong‘in qurshab olingan. Barcha maxsus xizmatlar joyida ishlamoqda”, - deb yozgan gubernator.
Kursk aeroporti 24-fevraldan beri fuqarolik samolyotlarini qabul qilmayapti va jo‘natmayapti – u yerda, shuningdek, Rossiyaning janubidagi va markazidagi o‘nta boshqa aeroportlarda parvozlarni cheklash rejimi joriy etilgan.
Bir kun avval ukrainalik harbiylar Saratov va Razan viloyatlaridagi harbiy aerodromlarga hujum qilishga uringan edi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan dronlar ishlatilgan, ammo Rossiya aviatsiyasi havo mudofaasidan foydalangan holda past balandlikda uchadigan ushbu qurilmalarni urib tushirgan. Hujum vaqtida texnik xodimlardan uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, yana to‘rt nafari yaralandi. Ikkita samolyot korpusiga ozgina shikast yetgan.
Harbiy departamentda ta’kidlashlaricha, bu hujum bilan Kiyev rejimi Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasining jangovar holatini ishdan chiqarishga uringan. Ammo bu Rossiya armiyasining Ukraina harbiy qo‘mondonligi va boshqaruv tizimiga va tegishli mudofaa obyektlariga zarba berishiga to‘sqinlik qilmagan. Belgilangan barcha 17 nishonga zarba berilgan, zarba temir yo‘l orqali jang ketayotgan hududlarga qo‘shinlar va xorijiy qurollarni yetkazib berishni to‘xtatgan.