Toshkentda karatening WKF yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi

Ayni paytda barcha yosh toifasidagi terma jamoalar poytaxtdagi dzudo markazida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Toshkentda 16-20 dekabr kunlari karatening WKF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda barcha yosh toifasidagi terma jamoalar poytaxtdagi dzudo markazida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishmoqda.
Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Azizjon Kamilov, O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Talipov tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirish uchun ushbu bazaga tashrif buyurishdi.
Mutasaddilar barcha murabbiy va sportchilar bilan uchrashib, ularning ahvoli, kayfiyati, tayyorgarlik jarayoni haqida yaqindan suhbatlashishdi.
Ayni paytda 50 nafardan ortiq sportchi, 8 nafar kumite va 2 nafar kata murabbiylari ushbu yig‘inda jam bo‘lishgan. Mashg‘ulotlar 2-dekabrda boshlangan bo‘lib, 15-dekabrga qadar davom etadi.