TOShKENT, 5 dek — Sputnik. 10 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi, deb yozmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
Unga ko‘ra, 9-dekabr kuni Bishkekda prezident Sadir Japarov raisligida YeOII sammiti bo‘lib o‘tadi (O‘zbekiston kuzatuvchi davlat hisoblanadi).
Shuningdek, 9-dekabr kuni ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.
“Davlat tashrifi doirasida prezident Sadir Japarov bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ikki davlat rahbarlari tor va kengaytirilgan tarkibda O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining keng ko‘lamli masalalarini, shuningdek, do‘stlik, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish rejalarini muhokama qiladilar”, - deydi Azimbakiyev.
Bundan tashqari, qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Musa Jamanbayevni qabul qilgandi. Qabul davomida dekabr oyida O‘zbekiston rahbari rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga borishi ma’lum bo‘lgandi. Biroq aniq sana aytilmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi oxirida Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlari chegara va Andijon (Kampirobod) suv omborini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvlarni ratifikatsiya qilgan edi. Endilikda tomonlar ratifikatsiya yorliqlarini almashishlari kerak.