O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatlarga sayohat qilyapti?

Davlat statistika qo‘mitasi o‘zbekistonliklar 10 oyda eng ko‘p qaysi davlatlarga sayohat qilgani haqida ma’lumot berdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek — Sputnik. 2022-yilning 1-noyabr holatiga 4,4 mln. nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan 10 oyda o‘zbekistonliklar eng ko‘p Qirg‘izistonga sayohat qilgan – 2,2 mln nafar. Shuningdek, 870 ming fuqaro Qozog‘istonga, 615,2 ming nafari Tojikistonga sayohat qilgan.
O‘zbekistonliklarning keyingi sevimli turistik yo‘nalishlari qatoriga Turkiya (264 ming), Rossiya (210,3 ming) va BAA (98 ming) kirgan.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoniga 54,7 ming, Misrga 31,9 ming, Janubiy Koreyaga 19,2 ming, AQShga 13,9 ming, Hindistonga 8,5 ming, Gruziyaga 7,8 ming nafar o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda borgan.
Ma’lumot uchun, shu yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 3,6 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Ularning ko‘pchiligi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan.