"Hududgazta’minot" fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishni so‘ramoqda

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarni “zangori” yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” tomonidan 10 mingdan ortiq soha xodimlari jalb qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Havo haroratining keskin pasayishi va qor yog‘ishi natijasida tabiiy gaz iste’moli sezilarli darajada oshdi. Bu haqida "Hududgazta’minot" ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, 4-dekabr kuni 3,9 milliondan ortiq iste’molchiga 68 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Biroq,516 ta mahalla yoki 79 ming iste’molchi xonadonida gaz bosimi pasaygan, 14 mingtasida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarni “zangori” yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” tomonidan 10 mingdan ortiq soha xodimlari jalb qilingan.

“Hozirda “Binokor” va “Bektemir” gaz taqsimlash stansiyalarida chiqish bosimini oshirish ishlari olib borilmoqda va bu poytaxtimizning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod va Sergeli tumanlarida tabiiy gaz bosimining yaxshilanishiga imkon beradi”, - deyiladi xabarda.

“O‘ztransgaz” mutaxassislari bilan birgalikda Yangiyo‘l tumani aholisining gaz bilan ta’minlanishini yaxshilash masalalari hal etilmoqda, jumladan, Yangiyo‘l mahallasi Zafarobod ko‘chasi bo‘ylab joylashgan 30 ta xonadonda bu masala hal etilgan, Chamanzor mahallasida esa bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Poytaxtdagi AGQKShning ish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi, jamoat va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega transportlarga yoqilg‘i quyish ishlari tunda ham amalga oshirilmoqda. Cheklovlar aholi va ijtimoiy soha obyektlaridan tashqari boshqa iste’molchilarga qo‘yiladi.
Habarda fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlari va birinchi navbatda zarur bo‘lgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirish so‘ralmoqda.
“Hududgazta’minot” matbuot xizmati aholi va ijtimoiy obyektlarni o‘z vaqtida tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida iste’molchilarni xabardor qilishni davom ettiradi.
Barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar 1104 call-markazi va 104 dispetcherlik xizmati raqamlari, shuningdek, ijtimoiy tarmog‘da gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ochiq guruhi orqali qabul qilinadi.