TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Noqulay ob-havo sharoitida ayrim avtobus yo‘nalishlaridagi qatnov va oraliq interval vaqtlarining belgilangan vaqtlardan ortishi holatlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.
Xabarda ob-havoning keskin o‘zgargani, qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lgani sababli, barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlari so‘ralgan.
Haydovchi va piyodalarga quyidagilar tavsiya etilmoqda:
Zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobillarda, ayniqsa qishga mo‘ljallangan shinalarga ega bo‘lmagan transport vositalarida harakatlanmaslik;
Tezlik talablariga qat’iy amal qilishlar;
Piyodalar yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushor bo‘lishlari;
Kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishlari.
Eslatib o‘tamiz, ob-havoning keskin o‘zgarishi, qor yog‘ishi va yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘lgani sababli yo‘l harakati qatnashchilari bir qator noqulayliklarga duch kelishmoqda. Bu bo‘yicha haydovchilar va piyodalar uchun xavfni kamaytirish maqsadida shahar ma’muriyati muzlamalarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor ishlarni amalga oshirmoqda.