TOShKENT, 4 dek — Sputnik. O‘zbekistonda yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlariga narkotesterdan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. IIV tegishli hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjat bilan YPX xodimlarga haydovchilarning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlashda narkotesterdan foydalanishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
“Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentratsiyasi miqdorini yoki biologik suyuqlik (so‘lak)da giyohvandlik yoxud psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali o‘tkaziladi”, - deyiladi hujjat matnida.
Narkotester yordamida aniqlangan holatlar bo‘yicha transport vositalari haydovchilariga nisbatan choralar ko‘riladi.
Haydovchida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda u tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.