Viruslardan ishonchli himoyalovchi qurilma yaratildi

Qurilma bir necha oy ichida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Isroil olimlari insonlarni virus va bakteriyalardan samarali himoyalay oladigan qurilma yaratdi. Uni ramziy ma’noda “havo niqobi” deb atashmoqda.
Qayd etilishicha, moslama batareya yordamida ishlaydi. Uni bosh kiyimga oson o‘rnatish mumkin. Jajji qurilma foydalanuvchining yuzi tomon soatiga 30 kilometr tezlikda havo purkaydi.
“Olimlar xulosasiga ko‘ra, bunday “qalqon” odamga yo‘naltirilgan virusli tomchilarning taxminan 62 foizini, shuningdek, moslama egasidan boshqalarga yo‘nalgan zarrachalarning 99 foizini to‘sib qo‘ya oladi”, deyiladi xabarda.
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, “havo niqobi” virusli tomchilar va aerozollarni bloklab, organizmning infeksiyalarga qarshi himoyasini oshiradi.
Qurilma hademay ommaviy ishlab chiqarilishi va bir necha oy ichida sotuvga yo‘naltirilishi kutilmoqda.