Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston yo‘nalishidagi birinchi yuk poyezdi kutib olindi

Maishiy texnika vositalari ortilgan 40 ta vagondan iborat yuk poyezdi Turkiya, Eron, Turkmaniston bo‘ylab harakatlanib, O‘zbekistonga yetib keldi.
Sputnik
TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Kecha, 3-dekabr kuni, Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalida “Turkiya – Eron – Turkmaniston – O‘zbekiston” yangi temir yo‘l yo‘nalishining ochilishiga bag‘ishlab tantanali tadbir tashkil qilindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Tadbirda dastlab Turkiyadan O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqqan birinchi yuk poyezdini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Maishiy texnika vositalari ortilgan 40 ta vagondan iborat ushbu yuk poyezdi Turkiya, Eron, Turkmaniston bo‘ylab harakatlanib, O‘zbekistonga yetib keldi”, - deyiladi xabarda.

Umumiy uzunligi 4500 kmdan ortiq bo‘lgan ushbu yo‘nalish katta rivojlanish salohiyatiga ega bo‘lib, O‘zbekiston yuklarini xalqaro yo‘nalishlarda tashish uchun qo‘shimcha yo‘nalish hisoblanadi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlar mintaqadagi mavjud transport-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmasidan samarali foydalanishga, shuningdek, tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.