Yiliga 200 mln ko‘chat ekiladi – prezident qarori

2023 yil 1-maygacha “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 dek — Sputnik. “2030 yilgacha O‘zbekistan Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
•issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
•qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;
•sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
•yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini 30 foizga kamaytirish;
•suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
•yiliga 200 million ko‘chat ekish va ko‘chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
•respublika o‘rmon fondi zaxiralari ko‘rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
•hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish.
Shuningdek, 2023-yil 1-iyundan mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta’sirni cheklash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.
2024 yil 1-yanvardan:
•barcha issiqxona gazlarini qamrab oluvchi Iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) yo‘lga qo‘yiladi;
•yangi quriladigan, quvvati 1 MVtdan yuqori bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalari doirasida ushbu stansiyalarning o‘rnatilgan quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi majburiy tartibda joriy etiladi.
2023 yil 1-maygacha “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.