“Hayvonlarni chiplashtirish ishga tushsa faqatgina foydaga ishlaydi” – mutaxassis

O‘zbekistonda boshpanasiz hayvonlarni parvarishlash bo‘yicha hukumat doirasida e’tibor qaratiladi.
Sputnik
O‘zbekistonda boshpanasiz hayvonlarni parvarishlash bo‘yicha hukumat doirasida e’tibor qaratiladi. Ularni parvarishlar, g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha ma’lum qoidalar mavjud.
Sputnik muxbiri mutaxassislar bilan mazkur tizim bo‘yicha ma’lumotlarni to‘pladi.
“Asosan chorva hayvonlari, ya’ni ot, sigir va qo‘ylar identifikatsiya qilinadi. Bu hayvonning egasi uchun juda foydali. Eng asosiysi identifikatsiya guvohnomasi orqali o‘sha hayvonni geni (zotdorligi) bilan bog‘liq ma’lumotlar yoziladi. Ko‘pincha mol bozorlariga tushsak sigirlar katta, ko‘rkam ko‘rinishda bo‘ladi, biroq u naslni yaxshi bermasligi mumkin. Bu ma’lumotlarni barchasi chiplashtirishda yoziladi”, - dedi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat ko‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunov.
Veterinariya qo‘mitasi uy va qarovsiz hayvonlar bilan bog‘liq faoliyatni muvofiqlashtiradi, qarovsiz hayvonlar populyatsiyasining o‘sishini nazorat qiladi, har bir hududda cheksiz qabulxona boshpanalarini yaratadi va saqlaydi, naslchilik sertifikatini joriy qiladi.
“O‘zbekistonda uy hayvonlarini chiplashtirish bu majburiy emas, ixtiyoriy ravishda. Biroq bu sistema ishga tushsa faqatgina hayvon egasi uchun foydaga ishlaydi. Masalan, bironta uyda boqiladigan itning identifikatsiya raqami bo‘lsa, uni maqbul narxda sotish, veterinar ko‘rigida davolash, nasl qoldirishida aniq tashxisga ega bo‘lish mumkin”, dedi mutaxassis.
Qo‘mita veterinariya shifokorlari uchun it va mushuklarni sterilizatsiya qilish va kastratsiya qilish bo‘yicha majburiy o‘quv kurslarini tashkil etishi, mulkdor va boshpanasiz hayvonlarni (chempionat g‘oliblari, gid itlar va kinologik xizmatlar bundan mustasno) ommaviy sterilizatsiya qilish tizimini yulga qo‘yishi, shu jumladan, ko‘chma veterinariya klinikalarini tashkil etish va xususiy veterinariya klinikalarini jalb etish orqali boshpanasiz hayvonlar bilan bog‘liq turli salbiy oqibatlarni bartaraf etadi.
“Ro‘yxatdan o‘tgan har bir hayvonga identifikatsiya raqami beriladi, u butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Hayvonni identifikatsiya qilish xususiyati sifatida raqamlangan nishon va veterinariya pasportidan tashqari, raqamlangan tatuirovka bilan hayvonning mikrochipi yoki maxsus yorlig‘i ishlatiladi”, dedi Hayvonlar sog‘ligini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Xabibullo Hamdamov.
Raqamli tatuirovka hayvonning tanasiga qo‘yiladi, mazkur raqamli belgi belgilangan joylarda qo‘llaniladi va chiplashtirishda hayvonning alternativ xususiyatlari yoziladi.
“Toshkent shahrida eksperiment tariqasida egasiz hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimida tashuvchida egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, manzili va aloqa telefonini ko‘rsatuvchi maxsus tizimni joriy etish asosida qarovsiz va egasi bo‘lgan hayvonlar bilan ishlashga yangicha yondashuvni joriy etish rejalashtirilmoqda. Hayvonlarni soni, emlashlar mavjudligi va chip-pasporti doimiy ro‘yxatga olinadi”, dedi Resublika Obodonlashtirish Bosh boshqarmasi xodimi Rustam Niyozov.