Turkiya shimolidagi bandargohda portlash yuz berdi

Samsun shahridagi bandargohda moy rezervuari portladi. Qurbonlar yo‘q.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Bugun Qora dengiz sohilidagi Turkiyaning Samsun bandargohida portlash yuz berdi. Bu haqda RIA Novosti A Haber’ga asoslanib, yozmoqda.
Portlash moy rezervuarida yuz bergan va uning ortidan yong‘in boshlangan. Hodisa sabablari hozircha noma’lum. Voqea joyiga o‘t o‘chirish guruhlari yuborilgan.
Samsun hokimiyati hodisa yuzasidan bayonot berib, yong‘in bartaraf etilganini va qurbonlar yo‘qligini bildirdi.

“Qizish tufayli Samsun portidagi kemalardan olingan ishlatilgan moylar saqlanadigan yonilg‘i baklaridan birida soat 11:15 atrofida portlash sodir bo‘lib, yuzaga kelgan yong‘in qisqa vaqt ichida o‘chirildi. Qurbon va jabrlanuvchilar yo‘q”, deyiladi bayonotda.

Samsun shahri Anqaradan 420 km shimolda joylashgan. Shahardagi port Turkiyadagi eng muhim bandargohlardan biri bo‘lib, u yerdan yuklar bir qancha mamlakatlarga, tashiladi.