TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekistonlik rejissor Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqaro kinofestivalida Kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun mukofot bilan taqdirlandi. Bu haqida Kinematografiya agentligi xabar berdi.
Hamdo‘stlik mamlakatlarining “Moskva premyerasi” (“Moskovskaya premyera”) xalqaro kinofestivalida o‘zbek rejissori Qamara Kamalova xalqaro kinematografiya hamkorligiga qo‘shgan hissasi uchun Faxriy mukofot bilan taqdirlandi.
Moskovskaya premyera
© Kinematografiya agentligi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi va O‘zbekistondagi birinchi ayol rejissor Qamara Kamalova “Moskva premyerasi” festivalida “Kim deyay seni” filmini namoyish etdi.
Film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Buxoriylar” kinostudiyasi tomonidan psixologik drama janrida suratga olingan. Unda keksa yoshida yolg‘iz qolgan teatr aktrisasi va tasodifan uning uyiga kelib qolgan o‘smir qiz haqida hikoya qilinadi.
Rejissor va ssenariy muallifi Qamara Kamalova, operator Oskar Baxteyev, rassom Bekzod Nazarov, bastakor Marat Maksudi, ovoz rejissori Bekzod Boltayev, produser Ulug‘bek Abdullayev. Filmda bosh rollarni Malika Ibragimova, Kamola Rasulmuxamedova, Obid Abdurahmonov, Temur Shodiyevlar ijro etishgan.
Festivalda bir nechta gala-premyeralar va tanlovdan tashqari dasturlar bo‘lib o‘tmoqda. Bular, birinchi navbatda, o‘zbekistonlik ayol rejissor Qamara Kamalova va qozog‘istonlik Ayjan Qosimbekovaning “Hech qayerga yo‘l” va “Olov” filmlarining premyeralari.
Moskovskaya premyera
© Fond podderjki kulturnix i kinematograficheskix initsiativ
Festival doirasida Xalqaro kinotanqidchilar va kinojurnalistlar hay’ati (Gruziya, Rossiya, O‘zbekiston vakillari) va Rossiya kinoklublari hakamlar hay’ati (Volgograd, Moskva viloyati, Rostov-Don) ish olib bordi.
Umuman olganda, festival o‘n bir mamlakatdan (shu jumladan, Moskva va Rossiya viloyatlaridan) 120 ga yaqin ishtirokchi va mehmonlarni qamrab oldi.
Moskovskaya premyera
© Fond podderjki kulturnix i kinematograficheskix initsiativ
Ma’lumot uchun, ushbu festival 2003-yildan buyon MDH davlatlarining yagona madaniy va kino makonini rivojlantirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonda suratga olingan filmlar festival laureati bo‘lgan.